Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

FUQAROLARDA DAVLATNING IJTIMOIY-IQTISODIY SIYOSATIGA TA'SIR ETISH IMKONIYATI VUJUDGA KELADI

Aholini ro‘yxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning o‘zi uchun zarur bo‘lib, u vaqti-vaqti bilan o‘z-o‘zini ko‘zguda ko‘rish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir. Ro‘yxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro o‘zi haqidagi ma'lumotlarni taqdim eta turib, o‘zlari mansub bo‘lgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Misol uchun, ishsizlarning so‘rovnomadagi javoblari mehnat bozorini o‘rganish va aynan kerakli joyda yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bersa,  bolalar soni to‘g‘risidagi ma'lumotlar maktab, maktabgacha ta'lim muassasalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda qo‘l keladi. Yosh haqidagi ma'lumotlar pensiyaga chiqadiganlar soni, ularning pensiya to‘lovlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni jamg‘arib borish imkonini beradi. Har yili maktabgacha ta'lim, umumta'lim maktablari yoki oliy ta'limga qabul qilinadigan yoshlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar ham xuddi shunday shakllanadi. Yashash joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlar esa har birimizning uyimizgacha keladigan yo‘llar qurilishi, kommunikatsiyalar bilan ta'minlashni rejalashtirish uchun zarur.

Mamlakatimizda sinov tariqasida joriy yildan boshlangan aholini ro‘yxatga olish tadbirlari 2023 yilda o‘tkaziladigan ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rishning muhim bosqichi hisoblanadi. Mazkur amaliyot uslubiy, texnik va tashkiliy masalalarni qayta ko‘rib chiqish imkonini bergani bois, unda qancha ko‘p respondentlar (aholi) qatnashsa, shuncha ko‘p kamchiliklarni aniqlash va tuzatishga sharoit tug‘iladi va  respublika darajasida bo‘ladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirining sifatli va samarali o‘tkazilishi ta'minlanadi.

Mazkur ishlarni sifatli tashkil etish maqsadida joylarda maxsus guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, jarayonlar aniq va tizimli yo‘lga qo‘yiladi. Ro‘yxatga oluvchilar ishini muvofiqlashtirish uchun har bir instruktorlik uchastkasida 1 nafar instruktor va 1 nafar statsionar ro‘yxatga oluvchi faoliyat yuritadi. Ularning ishini ro‘yxatga olish uchastkasi xodimlari nazorat qiladi.

Yashab turgan xonadonida (joyida) ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar instruktorlik uchastkasida faoliyat yurituvchi statsionar ro‘yxatga oluvchi xodimlarga murojaat qilib, ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Tuman va shahar miqyosida aholini ro‘yxatga olish ishlarini nazorat qilish uchun hududlarda aholini ro‘yxatga olish bo‘limlari tashkil etiladi. Jarayon yakuniga yetkazilgandan so‘ng hududiy statistika boshqarmalari qoshida Aholini ro‘yxatga olishning birlamchi ma'lumotlarini elektron bazaga kiritish markazlari tashkil etiladi.

Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat o‘zimiz, balki kelajak avlod uchun muhim ma'lumotlarni to‘plashga erishamiz. Aholini ro‘yxatga olish natijalari mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini beligilash bilan birga, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qo‘llaniladi. Keyingi o‘n yillikka mo‘ljallangan oilalarni qo‘llab-qo‘vvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi.

Ro‘yxatga olish natijasida shakllantiriladigan mamlakatdagi ish beruvchilar haqidagi ma'lumotlar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va rag‘batlantirishga yo‘l ochadi. Biznes vakillari ro‘yxatga olish ma'lumotlari orqali mehnat hamda iste'mol bozorining holatini baholash, talab va takliflar ehtiyojini aniqlash imkoniga ega bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, aholi to‘g‘risida to‘planadigan ma'lumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi O‘zbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.


Kiritilgan vaqti: 10/06/2021 15:05;   Ko‘rilganligi: 14
 
Material manzili: http://qushrabotmtb.uz/oz/news/fuqarolarda-davlatning-ijtimoiy-iqtisodiy-siyosatiga-tasir-etish-imkoniyati-vujudga-keladi
Chop etilgan vaqti: 23/06/2021 11:44